Klinik tushkunlikni oddiy siqilishdan qanday farqlash mumkin?

img

      Gohida atrofdan shunday gaplarni eshitib qolamiz: «chunonam tushkunlikka tushdim-ki», chunki «kuz», «uyquga toʻymayapman», «ishda mummolar koʻp». Aynan ushbu gap-soʻzlar tufayli odamlar tushkunlik atamasini kasallik deb emas, balki yalqovlar yoki mijgʻovlar uchun misoli bahona sifatida qabul qilishadi yoki shunchaki vaqtinchalik holat deb oʻylaydi. Afsuski, bu holat aslo tez vaqtda oʻtib ketmaydi va haqiqiy kasallik hisoblanadi. Eng yomoni, uni aniqlab olish mushkul. Oʻzimiz yengishimiz kerakmi yoki shifokorga murojaat qilish zarurligini ham bilmaymiz.

      Psixiatriya fanidan tilimizga kirib kelgan koʻpgina atamalar negadir salbiy ma’noga aylanib ketgan. Masalan, ilgari aqliy rivojlanishning ortda qolganini ifodalovchi soʻzlar (ovsarlik, aqli zaiflik), oqibatda kamsitish, kalaka qilish ma’nosida qoʻllana boshlangan. Shuning uchun ba’zi bir kasalliklarga boshqa nom topishga toʻgʻri kelgan. Ammo tushkunlik soʻzi oʻzgarmay qolgan. Jamiyat nazdida u xavfli kasallik emas va unga chalingan insonlarga rahm qilmasa ham boʻladi.

      Keling, avvaliga tushkunlikka olib keluvchi sabablarni koʻrib chiqamiz. Birinchidan, shuni tushunish kerak, har doim ham baxt va quvonchni his qilib yashash qiyin, qaygʻu, xavotir, zerikish kabi hissiyotlarning boʻlishi tabiiy. Masalan, ishda koʻngilsizliklar boʻlsa, qaygʻuga tushamiz, kim bilandir urishib qolsak achinamiz, ayriliq yoki ajralishni boshdan oʻtkazish juda qiyin, yaqin insonning oʻlimiga qaygʻurish azobiga chidab boʻlmaydi, ammo bularning bari tabiiy sezgilar, ular qanchalik vayronkor boʻlmasin, biz qabul qilishimiz shart.

      Agar oylar oʻtsa-da, bu hislar oʻtib ketmasa, ularga qarshi chora topa olmasangiz, ana unda kuchli tushkunlik haqida gapirish mumkin. Ularning paydo boʻlishiga haqiqiy sabablar bor. Qolaversa, odamlar koʻz oʻngida ham bunday inson chinakam aziyat chekayotgan shaxs boʻlib koʻrinadi. Buning uchun atrofdan “oʻzingni qoʻlga ol” degan noroziliklar bildirilishi mumkin.

      Ba’zida hech qanday sababsiz ham tushkunlik sodir boʻlishi mumkin. Bunda odam umuman yengillashmaydi, balki qiynoqli vaziyat chuqurlashib boraveradi. Bunday tushkunlik holati endogen deyiladi, ya’ni u ichki, biokimyoviy sabablar tufayli kelib chiqadi. Olimlarning fikriga koʻra, bu sabablarga biogen aminlarning (serotonin, dofamin, noradrenalin) yetishmovchiligi kiradi. Biogen aminlarning yetishmovchiligini tamaki chekish, spirtli ichimliklarni ichish kabi zararli odatlar keltirib chiqaradi.

      Tushkunlikning belgilari qanday? Kayfiyat tushishini hamma yaxshi biladi. Yana bir belgisi tushkunlikdagi inson sekinlashib qoladi. Uning ongi va jismoniy harakatlari tezligi kamayadi. Tushkunlikka tushgan odam oʻzi xohlab karavotda yotmaydi, balki jismoniy holsizlik uchun ham faol harakat qila olmaydi. Doimiy charchoq, quvvat yoʻqligi seziladi, mamnunlik hissi yoʻqoladi, oʻzini keraksizday his qiladi, omadsizlik qamrab olganday tuyuladi. Koʻpincha uyqu buziladi, ishtaha pasayadi yoki aksincha, yaxshilanadi, jinsiy mayl susayadi, ichqotish kuzatiladi, koʻkrak qismida ogʻriq boʻlishi ham mumkin. Ba’zida boshqa a’zolarda ham ogʻriq kuzatiladi.

      Siqilish bilan tushkunlik bir narsa emas. Siqilish tushkunlikday ich-etingizni yemaydi. Siqilish oʻtib ketadi, tushkunlik esa yoʻq. Koʻnglingiz gʻash boʻlganda, siz kutilmagan hazildan kulib yuborishingiz mumkin. Ammo tushkunlikka tushgan inson bunday qilolmaydi. Siqilganda, suitsid haqida oʻylamaysiz. U yashashga xalal berishi mumkin, lekin uni chilparchin qilmaydi. Siqilish ham yoqimsiz holat, gohida ogʻriqli, ammo oʻtib ketadi. Tushkunlik esa ogʻriqdan ham kuchli, unga chidash qiyin, boshqa bunday yashay olmayman, deb oʻylaysiz. Eng yomoni, xayolga turli boʻlmagʻur fikrlar keladi va bu salbiy tafakkur aynan tushkunlikka tegishli. Tushkunlik sizni burchakka qamab qoʻyadi. Lekin shuni unutmang, tushkunlik dardini davolasa boʻladi.

Sitora UMMATOVA
Samarqand davlat universiteti
Psixologiya va ijtimoiy munosabatlar fakulteti o'qituvchisi